Bu diyorning ayvonlari nurga talosh,
Bu diyorning kayvonisi oyu quyosh.
Vatan desam ko'zimda yosh, yuzimda yosh,
Ko'zga surtay nonlarini, nonlarini.

Tiriklikning zahmatlari, taqdirlari,
Hayotining bor hikmat ham tadbirlari.
Ey, onamning tuproqqina tandirlari,
Isitsangiz jonlarini, jonlarini.

Kim Vatanni zar to'niga yeng etmishdir,
Kim bag'rini osmonlarday keng etmishdir.
Yaratganning o'zi bugun teng etmishdir,
Asrlarga onlarini, onlarini.

Bir suvoriy kelmoqdadir - Boburmi yo?
Hirotmi yo, Hindistonmi yoki Ko'nyo.
Ko'rib keldi, bundan so'ng ham ko'rsin dunyo
Sultonlari, xonlarini, xonlarini.

Nechun o'tmoq hasad ekib umrlarga,
Dilni o'rab g'araz, riyo - ko'mirlarga?
Havas qilib yashang ulug' Temurlarga,
El bilgaydir shonlarini, shonlarini.







